03/06/2026
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda faol ishtirok etayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalari va keng jamoatchilik vakillari o‘rtasida "Targ'ibot a'lochisi" respublika ko‘rik-tanlovini e’lon qiladi.
Ishtirokchilar tanlov doirasida qisqa videoroliklar, targ‘ibot-tashviqot tadbirlari, seminar-treninglar va amaliy faoliyatga oid materiallarini joriy yil 20-iyunga qadar Agentlikning telegram bot manziliga yuborishlari mumkin.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari qimmatbaho esdalik sovg'alari bilan taqdirlanadi.
Tanlov g‘oliblari 2026-yilning 26-iyun kuni soat 11:00da bo‘lib o‘tadigan tantanali marosimda taqdirlanadi.
Tanlov nizomi bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin: https://dfca.uz/publications
Bog'lanish uchun tel: +998 95 474 99 11 (A.Xolmatov)
Yurtimizdagi barchani ushbu tanlovda faol ishtirok etishga chorlaymiz!
03/06/2026
Joriy yilning 2-iyun kuni 35-sessiyasi doirasida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC), Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston Respublikalari hamkorligida Vena xalqaro markazida BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha komissiyasi (CCPCJ)ning “Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni narkotiklarning noqonuniy aylanishi hamda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashda qo‘llash” mavzusida sayd-ivent(tashviqot) tadbiri o'tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan transmilliy uyushgan jinoyatchilik va uning asosiy tarmoqlardan biri bo‘lgan narkojinoyatlarga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xorijiy hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar e'tiboriga yetkazildi.
Shu jumladan, Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta'minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” xalqaro forumining ahamiyati alohida e’tirof etilib, forumda qabul qilingan Samarqand deklaratsiyasi xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim qadam ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqaviy axborot muvofiqlashtirish markazi, O‘zbekiston va Qozog‘iston hamkorligida ishlab chiqilayotgan narkotahdidlarga qarshi kurashishda sun’iy intelektga asoslangan mintaqaviy erta ogohlantirish tizimini qo'llab-quvvatlashga chaqirildi.
03/06/2026
Giyohvandlikka qarshi kurashda birlashaylik!
26-iyun — “Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni” munosabati bilan respublika bo‘ylab bir oy davomida keng ko‘lamli targ‘ibot va profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi. Oylik doirasida uchrashuvlar, sport va madaniy tadbirlar, fleshmoblar, videoroliklar, davra suhbatlari hamda ijtimoiy aksiyalar tashkil etiladi. Sizni ham mazkur oylikda faol ishtirok etishga chorlaymiz!
03/06/2026
O‘zbekiston delegatsiyasi BMTning Jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov bo‘yicha komissiyasining 35-sessiyasida ishtirok etmoqda
Vena shahrida bo‘lib o‘tayotgan sessiyada O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish va jinoiy odil sudlov tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini taqdim etdi.
Tadbir davomida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda qo‘shma yondashuvlarni rivojlantirish hamda Samarqand deklaratsiyasi qoidalarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Sessiya doirasida BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan ayollar, bolalar va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirishga bag‘ishlangan xalqaro sayd-ivent tashkil etildi.
Unda 50 dan ortiq davlat va 10 dan ziyod xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekistonning mazkur sessiyadagi faol ishtiroki mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuzi va ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni tobora ortib borayotganini yana bir bor namoyon etdi.
Batafsil - https://dfca.uz/article/o-zbekiston-delegatsiyasi-bmtning-jinoyatchilikning-oldini-olish-va-jinoiy-odil-sudlov-bo-yicha-komissiyasining-35-sessiyasida-ishtirok-etmoqda
03/06/2026
Milliy dastur ijrosi muhokama qilindi
Joriy yilning 25-may kuni Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligida giyohvandlik va narkojinoyatlarning barvaqt oldini olish hamda ularga qarshi kurashish bo‘yicha 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan kompleks amaliy harakatlar milliy dasturi ijrosi muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi xodimi, Agentlik mas’ullari, shuningdek vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF–207-son Farmoni bilan aholi salomatligini, ayniqsa yoshlar sog‘ligini muhofaza qilish, millat genofondini giyohvandlik xavfidan asrash hamda narkojinoyatlarning oldini olish tizimini yanada kuchaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar belgilangan.
Mazkur Farmonga muvofiq tasdiqlangan milliy dastur doirasida giyohvandlikka qarshi kurashish, noqonuniy muomala kanallarini bartaraf etish, yoshlar o‘rtasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga qaratilgan 100 dan ortiq amaliy chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Yig‘ilish davomida dastur ijrosi tanqidiy-tahliliy ruhda muhokama qilinib, mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi. Shuningdek, milliy dasturning har bir bandi kesimida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqilib, uning ijrosini samarali tashkil etish yuzasidan aniq vazifalar va qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
03/06/2026
ShHT DOIRASIDA EKSPERTLAR UCHRASHUVI O'TKAZILMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Narkotiklar va o'qotar qurollarni nazorat qilish agentligi xodimlari Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida o‘tkazilayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Narkotiklarga qarshi kurashish markazi Ijro qo‘mitasi Nizomi loyihasini muhokama qilish bo‘yicha birinchi ekspertlar yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbir davomida ShHT doirasida narkotiklarga qarshi kurashish yo‘nalishidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda Markaz faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Ma'lumot uchun: mazkur markaz Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida tashkil etilishi va uning asosiy vazifasi etib, ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida axborot almashinuvini ta'minlash, zamonaviy narkotahdidlarga qarshi kurashish bo'yicha samarali mexanizmlarni joriy etish hamda hamkorlikni mustahkamlashni belgilash rejalashtirilmoqda.
25/05/2026
Farg‘ona viloyati Quva tumani Madaniyat markazida Marg‘ilon maqom teatri xodimlari tomonidan “Giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida sahnalashtirilgan spektakl yoshlar tomonidan ijro etildi.
25/05/2026
Qashqadaryo viloyati hokimi tashabbusi bilan viloyatdagi barcha tuman va shahar hokimlari giyohvandlikka va narkojinoyatlarga qarshi kurash yo'nalishida ota-onalar, mahalla faollari va yoshlarga murojaat bilan chiqdi.
Murojaatlar - https://t.me/qashlive/17297
25/05/2026
Tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ustidan nazorat qilish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy komissiyasi faoliyatini o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi PF – 207-son Farmonida belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, tuman va shahar komissiyalari tomonidan faoliyatlarini samarali tashkil etilgani hamda hududlardagi narkovaziyatni sog‘lomlashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tanqidiy muhokama etildi.
Yig‘ilish davomida hududiy komissiya a'zolari, shuningdek, tuman va shahar komissiyalarning giyohvandlik va narkojinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish borasida olib borayotgan faoliyatlari yuzasidan axborotlari tinglandi.
Yakunida:
ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirish, mahallalarda xavfsiz muhitni ishonchli ta’minlash, manzilli profilaktik chora-tadbirlar tizimini samarali joriy etish;
narkojinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini keskin oshirish;
hududiy komissiyalar faoliyatlarini samarali tashkil etish bo‘yicha tizimli choralarni belgilash, kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan rahbar xodimlarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rildi.