07/05/2026
Kiberxavfsizlik markazi jamoasi 7-may – O‘zbekiston Respublikasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni bilan sohada faoliyat yuritayotgan fidoyi va jonkuyar xodimlarni samimiy muborakbod etadi.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
29/04/2026
Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Kiberxavfsizlik markazining ichki axborot tizimlariga ruxsatsiz kirish amalga oshirilgani hamda xodimlarga oid shaxsiy ma’lumotlar sizdirilgani yuzasidan xabarlar tarqalmoqda.
O‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, mazkur tarqatilayotgan ma’lumotlar haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qilamiz.
Ta’kidlash lozimki, Kiberxavfsizlik markazi ichki axborot tizimlari buzilmagan va bunday turdagi ma’lumotlar bazasidan foydalanilmaydi.
Eslatib o’tamiz, “Axborotlashtirish to'g'risida”gi qonunning 12-1 moddasi 2-qismiga muvofiq veb-saytning yoki internet sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo'lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog'idagi o'z veb-saytiga yoki internet sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo'lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to'g'riligini tekshirishi, shuningdek, joylashtirilgan axborotning noto'g'riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o'chirib tashlashi shart.
Kiberxavfsizlik markazi
Axborot xizmati
22/04/2026
Ayni damda “Cyber Security Spring Challenge” o‘quv-amaliy tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.
Seminar-trening Toshkent viloyatida tashkil etilgan bo‘lib, tadbir davomida Markaz mutaxassislari tomonidan dolzarb mavzularda taqdimotlar o‘tkazilishi, ishtirokchilar uchun ochiq savol-javoblar, muhokamalar va “camp” formatidagi interaktiv sessiyalar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Hozirda (tadbirning birinchi kuni) axborotlarni himoya qilish vositalarini kiberxavfsizlik talablariga muvofiq sertifikatlashtirish masalalari bo’yicha taqdimotlar tinglanmoqda hamda kechki “Networking night” doirasida soha vakillari o‘rtasida samimiy suhbat tashkil etiladi.
Ma’lumot uchun, tadbir joriy yilning 22–24 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.
27/03/2026
Markaz mutaxassislari ishtirokida “Sinovdan o‘tkazish va texnik baholash metodikasi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 24-mart kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Sinovdan o‘tkazish va texnik baholash metodikasi” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbir davomida sinovdan o‘tkazishning asosiy tamoyillari va bosqichlari, texnik baholash metodlari hamda ularning amaliy qo‘llanilishi, axborot tizimlarining ishonchliligi, real loyihalarda sinov va baholash jarayonlarini tashkil etish kabi mavzularga qaratilgan ma’ruzalar tinglandi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar mavzu doirasida o‘z savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldi.