03/06/2026
Biznes-ombudsman va “BMT Ayollar” tuzilmasi hamkorligida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar belgilab olindi
Bugun, 3-iyun kuni Biznes-ombudsman Abdumannop Buriyev “BMT Ayollar” tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi rahbari Cheren Gyuven Gyuresh xonim bilan uchrashdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtisodiy imkoniyatlari va huquqiy savodxonligini kengaytirish bo‘yicha istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Muloqot davomida Biznes-ombudsman va “BMT Ayollar” tuzilmasi hamkorligida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar belgilab olindi.
“Xotin-qizlar mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun muhim resurs hisoblanadi. Ularning tadbirkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish nafaqat ijtimoiy adolat masalasi, balki barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omilidir”, – deya ta’kidladi Abdumannop Buriyev.
Jahon bankining 2026-yilgi “Ayollar, biznes va qonun” indeksi hisobotida O‘zbekiston o‘z o‘rnini 43 pog‘onaga yaxshilab, 190 ta davlat orasida 48-o‘rinni egalladi. Mamlakatimiz ayollarning iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishida top-5 davlat qatoridan joy oldi.
Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkor xotin-qizlardan kelib tushgan 1100 ta murojaat atroflicha ko‘rib chiqildi. Ularning 548 tasi ijobiy hal etilgan bo‘lsa, qolgan 552 tasi bo‘yicha tadbirkorlik faoliyatiga oid masalalarda tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar belgilangan loyihalarni hayotga tatbiq etish orqali hududlardagi xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va ularning barqaror daromad manbalarini shakllantirishga kelishib oldilar.
03/06/2026
Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot boshlandi
Ayni vaqtda Sirdaryo viloyati Guliston shahrida joylashgan “Tadbirkorlar va Hunarmandalar” markazi binosida kichik va o‘rta biznes subyektlari ishtirokida navbatdagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirda Biznes-ombudsman devoni, Savdo-sanoat palatasi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi vakillari ishtirok etmoqda.
📞Tadbirkorlar 1100 yoki 1094 qisqa raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib yoki orqali murojaat qilishlari mumkin!
03/06/2026
TOP-10: O‘zbekistonning eng yirik savdo hamkor davlatlari
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 26,3 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi.
Mazkur davrda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi TOP-10 davlatlar:
Xitoy – 6,2 mlrd AQSh dollari;
Rossiya Federatsiyasi – 4,5 mlrd AQSh dollari;
Qozog‘iston – 1,8 mlrd AQSh dollari;
Turkiya – 920,6 mln AQSh dollari;
Afg‘oniston – 728,2 mln AQSh dollari;
Koreya Respublikasi – 638,3 mln AQSh dollari;
BAA – 626,7 mln AQSh dollari;
Fransiya – 618,1 mln AQSh dollari;
Germaniya – 411,6 mln AQSh dollari;
Hindiston – 406,4 mln AQSh dollari.
03/06/2026
Noqonuniy undirilgan mablag‘lar tadbirkorga qaytarildi
Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi “U.” ishlab chiqarish kooperativi rahbari bank tomonidan o‘z hisob raqamidan mablag‘lar noqonuniy va ortiqcha yechib olinganidan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Andijon bank xizmatlari ofisi va “U.” ishlab chiqarish kooperativi o‘rtasida tuzilgan kredit shartnomasiga asosan, yillik 21 foiz ustama to‘lash sharti bilan 60 oy muddatga quyon va quyon qafaslari sotib olish maqsadida 200 million so‘m kredit mablag‘i ajratilgan.
Korxona tomonidan olingan kredit majburiyatlarini qaytarish grafigiga asosan mablag‘lar o‘z vaqtida to‘lanmagani sababli, bank qarzdorlikni undirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritgan. Bo‘ston tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan bankning da’vo talabi qanoatlantirilgan. Biroq bank tomonidan sud qarori chiqqanidan keyin ham asossiz ravishda foiz hisoblash davom ettirilgan.
Biznes-ombudsman xodimlari tomonidan ko‘rilgan choralar natijasida, sud qarori chiqarilgan sanadan boshlab kredit uchun noqonuniy hisoblangan hamda ortiqcha undirilgan 16 million so‘mdan ziyod pul mablag‘lari tadbirkorga to‘liq qaytarilishi ta’minlandi va murojaat ijobiy hal etildi.
02/06/2026
Ozodlikdan mahrum etilgan tadbirkorga qo‘llanilgan jarimalar bekor qilindi
Jizzax viloyatida faoliyat yurituvchi “A.A.” MChJ rahbari “S.B.” soliq organining ma’muriy jazo qo‘llash haqidagi qarorlaridan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudining 24.07.2024-yildagi hukmi bilan “S.B.”ga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shunga qaramay, Sharof Rashidov tuman soliq inspeksiyasi tomonidan tadbirkor jazoni o‘tayotgan davrda (2024–2025-yillarnig turli davrlarida) soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganlikda ayblanib, MJtKning 175-moddasi 2-qismi bilan jami 27 ta ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan mazkur holat o‘rganib chiqilganda, jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan tadbirkorga nisbatan hisobot topshirmaganlik uchun jarima solish qonunchilikka zid ekanligi aniqlandi.
Biznes-ombudsman tomonidan Jizzax viloyat soliq boshqarmasiga maʼmuriy huquqbuzarlik hodisasi yoki alomati yoʻqligi sababli O‘zbekistin Respublikasi MJTKning 271-moddasi 1-bandiga asoslanib Xulosalar kiritildi. Natijada Sharof Rashidov tuman soliq inspeksiyasi tomonidan qabul qilgan jami 27 ta qarorlar bekor qilinib, tadbirkorga asossiz qo‘llanilgan 95 million so‘mlik jarimalar bekor qilinishi ta’minlandi.
02/06/2026
Biznes-ombudsman yordamida tadbirkorning 4 yillik muammosi hal etildi
Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi “A.O.M.S” MChJ rahbari Biznes-ombudsmanga murojaati qildi.
Aniqlanishicha, jamiyat tomonidan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchasi (AYOQSh) qurilishini yakunlash va uni ishga tushirish uchun vakolatli organ tomonidan texnik shartlar muddatini uzaytirib berish ishlari bir necha yillardan buyon kechiktirib kelingan.
Vakil devoni holatni o‘rganishi natijasida tadbirkorning qonuniy huquqlari tiklandi. AYOQSH faoliyatini yuritish uchun tegishli tartibda rasmiylashtirilgan texnik shartlar muddati uzaytirilib, qurilishni yakunlashga to‘siq bo‘layotgan holatlar bartaraf qilindi.
Muammoning ijobiy yechim topishi natijasida hududda aholining yoqilg‘iga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash yaxshilanishi bilan birga, 10 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishiga erishildi.
02/06/2026
Yoshlarga imtiyozli kreditlar ajratiladi
“Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–210-son, 01.06.2026-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, AT “Aloqabank” tomonidan “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 31 yoshga to‘lmaganlarga asosiy qarzdan 1 yilgacha, foiz to‘lovlaridan 3 oygacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada ajratiladi:
sug‘urta polisi ta’minoti yoki 3-shaxs kafilligi asosida 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarzlarni quyidagi loyihalar bo‘yicha ajratish:
yoshlarning xorijiy til va raqamli texnologiyalarni o‘rganishi hamda zamonaviy kasb-hunarni egallashi bo‘yicha o‘qish xarajatlarini moliyalashtirish uchun – 20 mln so‘mgacha;
zamonaviy kasblar, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlar marketingi, mobilografiya, frilanserlik, internet (onlayn) do‘konlar tashkil etish va o‘zini o‘zi band qilish faoliyat turiga mos loyihalar uchun – 50 mln so‘mgacha;
kasanachilik, to‘qimachilik mahsulotlarini tayyorlash, tikuvchilik va boshqa mahsulotlarni ikkilamchi qayta ishlash va (yoki) sotish, ulardan yangi mahsulotlar tayyorlash loyihalari uchun – 50 mln so‘mgacha;
novvoychilik va shirinliklar tayyorlash hamda sotish loyihalarga – 100 mln so‘mgacha.
02/06/2026
Kichik biznes loyihalari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi
“Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–204-son, 26.05.2026-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyulgacha kredit olish uchun ariza berish hamda ariza bo‘yicha bir nechta banklarning takliflarini olish imkonini beruvchi raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi.
Tijorat banklari tomonidan mahallalar ixtisoslashuvi va “o‘sish nuqtalari”ni hisobga olib biznes g‘oyalarni ishlab chiqish orqali tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan “AI maslahatchi” dasturi ishga tushiriladi.
2026-yil 1-iyuldan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida:
avval Dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga mikrokreditning garovsiz qismi 100 mln so‘mdan 200 mln so‘mgacha oshiriladi;
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:
kichik tadbirkorlik subyektlariga kredit miqdoridan qat’i nazar, uning 5 mlrd so‘mgacha qismi uchun foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya;
har yili Dastur asosida qo‘llab-quvvatlangan va yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta tadbirkorga faoliyatini raqamlashtirish, xalqaro standartlar va yashil texnologiyalarni joriy etish xarajatlari uchun 300 mln so‘mgacha grant.
02/06/2026
“Yangi O‘zbekistonda biznes uchun yangi imkoniyatlar” forumi bo‘lib o‘tdi
Forumda umumiy ovqatlanish, mehmonxona, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan yuzlab tadbirkorlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida kichik biznesni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslar, soliq va ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish choralari hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlari muhokama qilindi.
Shuningdek, ishtirokchilar amaliyotga joriy etilayotgan yangiliklarning biznes faoliyatiga ta’siri, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari yuzasidan o‘z fikr va takliflari bilan o‘rtoqlashdilar.
Tadbirda tadbirkorlar o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar, amaliyotda uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, Prezidentning PF–100-son Farmonida nazarda tutilgan yangi imkoniyatlar hamda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash choralari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi.
Forum davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotni mustahkamlab, biznes vakillarining ko‘plab savollariga javob topishiga xizmat qildi.
02/06/2026
Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlari keng joriy qilinadi
“Suv xo‘jaligi sohasida bozor mexanizmlarini keng joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni (PF–99-son, 26.05.2026 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, suv fondi yerlarini ijaraga berishda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Suv xo‘jaligida bozor mexanizmlarini joriy qilish” davlat muassasasi yagona buyurtmachi etib belgilandi.
Daryo va suv xo‘jaligi obyektlari o‘zanlarini tozalashda qirg‘oqlarning yuvilishiga va yaqin hududlarning suv bosishiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan hamda suv oqimiga to‘sqinlik qilayotgan qum-shag‘al materiallari qazib olinishiga ruxsat etiladi.
Cuv omborlari va sel-suv omborlari, kanallar, kollektorlar, tabiiy ko‘llar va gidrotexnika inshootlarini tuproq materiallaridan tozalash tadbirlariga tashabbuskor tadbirkorlarning eng yaxshi takliflari asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida jalb qilishga ruxsat etiladi.
Cuv omborlari va sel-suv omborlarining suvdan bo‘shagan hamda tuproq namligi saqlangan yerlaridan samarali foydalanish maqsadida ushbu yerlar tashabbuskorlarga qisqa muddatga ekin ekishga Davlat muassasasi tomonidan elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga beriladi.
Tozalanishi lozim bo‘lgan suv xo‘jaligi obyektining loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun ushbu sohadagi ixtisoslashgan nufuzli loyiha tashkilotlari jalb etiladi.