07/06/2026
Xitoy kompaniyalari bilan ta’lim va maxsus texnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi
O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik ikki davlat rahbarlarining o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlari tufayli izchil rivojlanib bormoqda. So‘nggi yillarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilib, hamkorlik ko‘lami yanada kengaymoqda.
Shu munosabat bilan Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov investitsiyaviy hamkorlik doirasida Xitoydan tashrif buyurgan delegatsiya vakillari — "Xuamin Taifeng" qishloq xo‘jaligi kompaniyasi aksioneri Yan Syumey, "Anhui Fengyuan Equipment Technology Co., Ltd" kompaniyasi direktori Guo Li, "Anhui Nanya Group" direktori Du Aysang hamda "Hefei Nanya Polytechnic College" vasiylik kengashi raisi Du Mingxuanni qabul qildi.
Muloqot davomida Xitoy kompaniyalari tomonidan Surxondaryo viloyatida amalga oshirish taklif etilayotgan investitsiyaviy loyihalar va hamkorlik istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Jumladan, Xitoy tajribasi asosida zamonaviy politexnikum tashkil etish, mehnat bozorida yuqori talabga ega kasblar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash, shuningdek qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va sanoat sohalari uchun maxsus texnikalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida har bir loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, investitsiyaviy shartlarni shakllantirish hamda loyihalarni amalga oshirish uchun muvofiq hududlarni belgilash bo‘yicha amaliy ishlarni boshlashga kelishib olindi.
06/06/2026
Rasmiy munosabat
Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatida Aleksandr Fedin tomonidan barpo etilgan bog‘ taqdiri hamda uning salomatligi bilan bog‘liq holat yuzasidan xabarlar tarqaldi.
Mazkur masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda uning huzuridagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan alohida nazoratga olingan.
Hozirgi vaqtda Aleksandr Fedin Termiz shahridagi tez tibbiy yordam klinik shifoxonasiga joylashtirilgan va zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda, shuningdek, uni munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, uni Qo‘mita huzuridagi O’rmon agentligi tizimiga ishga joylashtirish choralari ko‘riladi.
Aleksandr Fedinning mamlakatimiz ekologiyasi va ko‘kalamzorlashtirish sohasiga qo‘shgan hissasini inobatga olgan holda, u tomonidan yaratilgan bog‘ni saqlab qolish va rivojlantirishga doir hujjat tayyorlanmoqda. Xususan, mazkur hudud jamoatchilik uchun ochiq ekologik park sifatida tashkil etilib, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tasarrufiga o‘tkaziladi.
Kelgusida ushbu hudud negizida jamoatchilik bog’i tashkil etilib, uning noyob tabiiy merosi saqlanishi va yanada boyitilishi ta’minlanadi.
A. Fedinning taqdiriga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimizga minnatdorchilik bildiramiz.
05/06/2026
Koreya kompaniyasi bilan Surxondaryoda qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi
Bugun Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov vohaga tashrif buyurgan Koreya Respublikasining "Jonghan Industry Co., Ltd." kompaniyasi direktori Be Kyong Xonni qabul qildi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, baliqchilik xo‘jaliklarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi uchun plyonkali issiqxona majmualarini barpo etish, dehqonchilik sohasida o‘quv markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, chorvachilik uchun yem-xashak hamda sanitariya-dezinfeksiya vositalarini ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, kompaniya tomonidan agrotexnologiyalar markazi va zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, qishloq xo‘jaligi texnikalari va uskunalarini yetkazib berish hamda servis xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, raqamli qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish yuzasidan hamkorlik taklif etildi.
Muzokaralar davomida mazkur loyihalarni Surxondaryo viloyatida amalga oshirish uchun zarur salohiyat va imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi. Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va istiqbolli tashabbuslarni birgalikda amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
Yakunda taklif etilgan loyihalarning texnik va iqtisodiy asoslarini atroflicha o‘rganish hamda amaliy ishlarni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.